Sovuq qurolni noqonuniy olib yurgan shaxslarga nisbatan javobgarlik kuchayadi
Narkologik muammoga duch kelgan fuqarolar sud qarori bilan majburiy davolanishga yuborilishi mumkin.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida jamoat xavfsizligini mustahkamlash va fuqarolar osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan yangi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda sovuq qurollarni noqonuniy ravishda jamoat joylarida olib yurish holatlari ko‘paygan. Bu esa aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirayotgan omillardan biri sifatida qayd etildi.
Loyiha doirasida bir qator yangi tartiblar belgilanyapti. Xususan, oilaviy zo‘ravonlik yoki bolalarga nisbatan tajovuz qilgan shaxslarga qurol olish huquqi berilmaydi. Bunday huquqbuzarlik sodir etganlarning mavjud qurollari ichki ishlar organlari tomonidan vaqtincha olib qo‘yilishi mumkin.
Shuningdek, qonun loyihasida spirtli ichimlik yoki narkotik moddalarga qaramlik muammosiga duch kelgan shaxslarni majburiy davolash tartiblari ham mustahkamlab qo‘yilgan. Endilikda hatto bir marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan fuqaro ham sud qaroriga asosan davolash muassasasiga yuborilishi mumkin bo‘ladi.
Mutasaddilarning qayd etishicha, mazkur o‘zgarishlar huquqbuzarliklarning oldini olish, mahallalarda barqaror muhitni ta’minlash va har bir fuqaroning hayoti hamda xavfsizligini samarali himoya qilishga qaratilgan.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullanib, endilikda qonunchilik jarayonining keyingi bosqichlarida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.








