Yevropa Ittifoqi rossiyaliklar uchun viza qoidalarini kuchaytirishi mumkin
YeI yangi sanksiyalar doirasida Rossiya fuqarolari uchun viza tartibini kuchaytirishni rejalashtirmoqda.

Italiyaning ANSA agentligi xabariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlari sabab joriy etilayotgan 19-sanksiyalar paketi doirasida Yevropa Ittifoqi Rossiya fuqarolariga viza berish tartibini yanada qat’iylashtirishni ko‘rib chiqmoqda.
Mazkur tashabbus turistik vizalarga cheklovlar qo‘yish, shuningdek, rossiyalik diplomatlarning Yevropa hududida faoliyatiga qo‘shimcha cheklovlar kiritishni nazarda tutishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, masala Yevropa davlatlariga kirayotgan Rossiya fuqarolari sonining ortishi fonida kun tartibiga chiqarilgan. Shu bilan birga, ayrim mamlakatlar — Polsha, Latviya, Litva, Estoniya va Chexiya allaqachon rossiyaliklarga turistik viza berishni to‘xtatgan.
Yangi sanksiyalar paketi 2025-yil sentabrida qabul qilinishi kutilmoqda. Politico manbalariga ko‘ra, hujjat Rossiya energetika resurslari eksportiga yirik cheklovlarni o‘z ichiga olmasa-da, ayrim banklar va energetika kompaniyalariga, jumladan, “Rosneft” hamda “Lukoyl”ga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishi mumkin.







