Afg‘onistondan olib o‘tilgan vertolyotlar Kobulga qaytariladi
Ma’lum bo‘lishicha, 2021-yilda Afg‘oniston harbiylari 46 ta havo kemasini O‘zbekistonga, 18 tasini Tojikistonga olib o‘tgan.

Afg‘onistonning sobiq hukumati davrida AQSH mablag‘iga xarid qilingan va 2021-yilda “Tolibon” hokimiyatni egallaganida O‘zbekistonga olib o‘tilgan vertolyotlar ortga qaytarilishi mumkin. Bu haqda Afghanistan International nashri xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, sobiq afg‘on armiyasiga tegishli 57 ta vertolyot qaytarilishi rejalashtirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, 2021-yilda Afg‘oniston harbiylari 46 ta havo kemasini O‘zbekistonga, 18 tasini Tojikistonga olib o‘tgan. Ular orasida Mi-17 va UH-60 vertolyotlari, shuningdek PC-12, C-208, AC-208 hamda A-29 rusumidagi samolyotlar bo‘lgan.
“Tolibon” har ikki davlatdan mazkur texnikalarni qaytarishni bir necha bor talab qilgan. 2024-yilda AQSHning Toshkentdagi elchisi Jonatan Henik bu havo kemalari O‘zbekistonda qolishini ma’lum qilgandi. O‘sha yili AQSHning Afg‘onistondagi elchixonasi ham Tojikiston hukumatiga samolyotlarni “Tolibon”ga topshirmagani uchun minnatdorlik bildirgan.
2025-yil boshida O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida Pentagon vakillari vertolyotlarning bir qismi AQSHga qaytarilganini tasdiqlagandi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, yaroqli holatda bo‘lgan 7 ta Black Hawk vertolyoti topshirilgan. “Tolibon” esa bu qarorni keskin tanqid qilgan. Shu paytgacha O‘zbekiston tomoni aviatexnikalar AQSH mulki ekani va ularni “Tolibon”ga qaytarish masalasi ko‘rib chiqilmasligini bildirgan edi.







