Muntazam qoida buzgan haydovchilar jarima chegirmasidan mahrum bo‘lishi mumkin
Amaldagi 15 va 30 kunlik chegirmali to‘lov tartibi doimiy qoidabuzarlarga tatbiq etilmaydi.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjatda qoidabuzarliklarni muntazam sodir etuvchi haydovchilar uchun jarimalarni to‘lashda qo‘llaniladigan chegirmalarni bekor qilish taklif etilmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, jarima qarori chiqqan kundan boshlab 15 kun ichida uning 50 foizini yoki 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy to‘lagan shaxsga qolgan summa hisobdan chiqariladi. Endilikda esa ushbu imtiyoz tezlikni keskin oshiradigan, qizil chiroqda to‘xtamasdan o‘tadigan yoki qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, avariyaviy vaziyat keltirib chiqaradigan haydovchilarga nisbatan qo‘llanmasligi mumkin.
Xususan, quyidagi holatlar nazarda tutilmoqda:
belgilangan tezlikni 40–60 km/soatdan yuqori darajada oshirish — bir oyda kamida 5 marotaba sodir etilganda;
svetoforning taqiqlovchi signali yoki yo‘l harakati boshqaruvchisining taqiqlovchi ishorasiga rioya qilmaslik — bir oyda 2 marotaba takrorlanganda;
qarshi yo‘nalishga chiqish yoki boshqa haydovchilarni xavf ostida qoldiradigan keskin manevrlar — bir oy ichida 2 marotaba qayd etilganda.
Ichki ishlar vazirligi ushbu tartib intizomni mustahkamlashga, yo‘llarda tartibni kuchaytirishga hamda og‘ir oqibatli YTHlarning oldini olishga xizmat qilishini ma’lum qildi.
Qonun loyihasining jamoatchilik muhokamasi 25-sentabrgacha davom etadi.








