Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy taksi xizmati 14 ta shaharda yo‘lga qo‘yildi
Davlat safar xarajatlarining asosiy qismini qoplaydi, xizmat esa Yandex Go orqali buyurtma qilinadi.

Bahorda Toshkent, Samarqand va Andijonda sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilgan ijtimoiy taksi xizmati endilikda butun mamlakat bo‘ylab kengaymoqda. Yana 11 ta shahar – Buxoro, Qarshi, Farg‘ona, Urganch, Qo‘qon, Jizzax, Namangan, Navoiy, Nukus, Guliston va Xivada ham loyiha ishga tushdi. Shu tariqa, bugungi kunda umumiy hisobda 14 ta shaharda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus taksi xizmat ko‘rsatmoqda.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezident huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligi tomonidan Yandex Uzbekistan bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan bolalar maktabga borib-kelishda ijtimoiy taksidan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Bu xizmat ota-onalarning kundalik tashvishlarini kamaytirishi va bolalarning o‘qishga bemalol qatnashiga yordam berishi kutilmoqda.
Davlat har bir bola uchun oyiga 494 400 so‘mgacha transport xarajatlarini qoplab beradi. Kompensasiya miqdori imtiyoz turiga qarab safar qiymatining 60 yoki 100 foizini tashkil qilishi mumkin. Buyurtmalar Yandex Go ilovasi orqali amalga oshiriladi. Unda nogironlar aravachasidan foydalanadigan yo‘lovchilar uchun maxsus opsiyalar mavjud. Muhimi, Yandex Go bu xizmatdan komissiya olmaydi – mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydovchilarga yo‘naltiriladi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, loyiha oddiy transport xizmatidan ko‘ra kengroq ijtimoiy ahamiyatga ega. Chunki u nafaqat bolalarning xavfsiz va qulay qatnovini, balki ota-onalarning ham o‘zini yolg‘iz his qilmasligini ta’minlaydi. Shu bois ijtimoiy taksi dasturi ko‘plab oilalar uchun katta yengillik bo‘lishi kutilmoqda.







