O‘zbekistonliklar Rossiyaga “zagran” pasportsiz kirishi mumkin
TIV ma’lumotiga ko‘ra, yangi tartib joriy etilishi uchun zaruriy davlatlararo kelishuv ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida fuqarolarning ikki mamlakat hududiga kirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar joriy etilishi kutilmoqda. Jumladan, tomonlar fuqarolarga tashqi (“zagran”) pasport talab qilinmagan holda, ichki pasport yoki ID-karta orqali chegaradan o‘tishga ruxsat berish masalasini muhokama qilmoqda.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonovning ta’kidlashicha, hozirda zaruriy davlatlararo kelishuv ishlari olib borilmoqda. “Muzokaralar davom etmoqda, ayrim texnik jihatlar bo‘yicha kelishuvga erishilishi kerak. Shu sababli ushbu tartibning qachon amaliyotga joriy etilishi haqida hozircha aniq sana aytish imkoniyati yo‘q”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Rossiya, Qozog‘iston va Ozarbayjon fuqarolariga ichki hujjatlari orqali mamlakatga qisqa muddatli tashrif buyurish imkoniyatini yaratish masalasini ko‘rib chiqayotgan edi.
Ayni paytda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida vizasiz tartib amal qiladi. Biroq ikki davlat fuqarolari uchun tashqi pasport va belgilangan muddatlarda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish majburiyati saqlanib qolmoqda. Yangi kelishuv amalga oshsa, bu tartib sezilarli darajada soddalashtiriladi.







