Paynet qurilmasini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan “shovvozlar” ushlandi
Qurilma ichida 5 million 263 ming so‘m pul bo‘lgani qayd etilgan.

Navoiyda paynet qurilmasini o‘g‘irlashga uringan uch nafar yigit qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati rahbari Fayoz Qosimov ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, 22–24 yosh oralig‘idagi, bir-birini oldindan tanigan uch nafar shaxs tungi payt Taraqqiyot mahallasi hududida joylashgan pul jo‘natish qurilmasiga “hujum” qilgan. Ular yuzlariga niqob, qo‘llariga tibbiy qo‘lqop kiyib, davlat raqamisiz avtomashina yordamida qurilmani olib ketgan. Qurilma ichida 5 million 263 ming so‘m pul bo‘lgani qayd etilgan.
Viloyat IIB tezkor-qidiruv xizmati hamda jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari olib borgan tezkor choralar natijasida gumondorlar shu tunning o‘zida navbatdagi rejani amalga oshirish chog‘ida qo‘lga olingan.
Ular ustidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, yetkazilgan 36 million 763 ming so‘m miqdoridagi moddiy zarar ularning zimmasiga yuklatilgan.







