Samarqandda bog‘chalarga sifatsiz oziq-ovqat yetkazilgani aytilmoqda
Oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchi kompaniya faoliyati o‘rganilmoqda.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi ayrim bolalar bog‘chalariga sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan go‘sht va baliq yetkazib berilayotgani haqidagi ma’lumotlar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi boshqarmasi xabariga ko‘ra, voqea yuzasidan mas’ul tashkilotlar mutaxassislari jalb qilingan ishchi guruh tuzildi. Hozirda oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchi tashkilot faoliyati, mahsulotlarning sifati va tegishli hujjatlar o‘rganilmoqda.
Mutasaddilar tekshiruv jarayoni yakunlangach, aniqlangan natijalar bo‘yicha jamoatchilikka batafsil axborot berilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, bolalarning sog‘lig‘i va xavfsizligi doimiy nazoratda ekanligi, bunday masalalar yuzasidan qat’iy choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.
Mazkur jarayon shaffof tarzda olib borilishi va natijalarning ochiq e’lon qilinishi kutilmoqda.







