Mo‘g‘ulistondan Namanganga 730 bosh naslli qoʻy olib kelindi
Qattiq iqlimga moslashgan mazkur yog‘li qo‘ylar zoti 35–40 kg, qo‘chqorlari esa 45–50 kg gacha vaznga ega.

Namangan viloyatiga Mo‘g‘ulistondan 730 bosh “Bayat” naslli qo‘ylar keltirildi. Mazkur zot yog‘li-qo‘ylar turiga mansub bo‘lib, qattiq iqlim sharoitiga yaxshi moslashganligi bilan ajralib turadi.
“Bayat” zotining urg‘ochi qo‘ylari 35–40 kilogramm, qo‘chqorlari esa 45–50 kilogrammgacha tirik vaznga ega. Bu zot yuqori go‘sht va yog‘ mahsuldorligi bilan iqtisodiy jihatdan samarali chorva sifatida baholanmoqda.
Hozircha dastlabki bosqichda 730 bosh qo‘y Namangan viloyatining Uychi tumanida joylashgan “Axsi chorva” MCHJga olib kelindi. Kelgusida ularning moslashuvi, parvarishi va ko‘paytirish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Umumiy loyihaga ko‘ra, Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh naslli qo‘y olib kelish rejalashtirilgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu tashabbus chorvachilik sohasida import-iqlimiy innovatsiya sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.







