O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish o‘tkaziladi
2026 yil yanvar-fevral oylarida umumxalq tadbiri onlayn va uyma-uy yurib amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda so‘nggi bor aholini umumiy ro‘yxatga olish 1989 yilda o‘tkazilgan edi. Endi esa mazkur tadbir 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralgacha o‘tkazilishi belgilandi. Jarayon dastlabki 17 kun davomida internet orqali, keyingi bir oy ichida esa “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshiriladi.
Mazkur tashabbus orqali xarajatlar 1,3 trillion so‘mga qisqartirilishi va jarayonning sodda hamda shaffof bo‘lishi ta’kidlanmoqda. Savollar soni ham oldingi 328 tadan 71 taga qisqartirildi. Ro‘yxatga olishda Yevropa statistika konferensiyasining tavsiyalari asosida aholining tarkibi, migratsiyasi, oilaviy holati va daromad manbalari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi yaratiladi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ham aniq ma’lumotlar yig‘iladi. Yer maydonlaridan foydalanish, chorva va parranda soni hisobga olinadi. Bu orqali qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilayotgan mablag‘larning samaradorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash mumkin bo‘ladi.
Ro‘yxatga olishni samarali tashkil etish maqsadida “mahalla yettiligi” maxsus o‘quv dasturi asosida tayyorlanadi va rag‘batlantiriladi. Shu bilan birga, keng targ‘ibot ishlari OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali olib borilishi rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlar mamlakatda demografik hamda iqtisodiy siyosatni aniq ma’lumotlarga asoslangan holda amalga oshirishga xizmat qiladi.







