Retsept bilan beriladigan dorilar endi elektron shaklda tayinlanadi
12 dekabrdan boshlab “Elektron retsept” tizimi to‘liq kuchga kiradi.

O‘zbekistonda retsept asosida beriladigan dorilarni elektron shaklda yozish tartibi joriy etildi. Hukumat qaroriga binoan, shifokor tomonidan tasdiqlangan retsept avtomatik tarzda “Elektron retsept” moduliga uzatiladi va Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot tizimiga ulangan dorixonalarda elektron shaklda ko‘rinadi.
Elektron retseptda dori vositasining nomi, dozasi, qabul qilish usuli va muddati kiritiladi. Hujjat QR kod bilan tasdiqlanadi va barcha ma’lumotlar bemorning elektron tibbiy kartasiga qayd etiladi. Dorixona farmatsevtlari dorilarni bemorga topshirar ekan, qadoqlash muddati va boshqa muhim tafsilotlarni belgilaydi. Shifokor esa yozilgan dorilarni onlayn kuzatib borishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur tartib tibbiy ko‘rsatma bo‘lmagan hollarda, mamlakatda ro‘yxatdan o‘tmagan dorilar hamda narkoz vositalariga nisbatan qo‘llanilmaydi. Elektron retseptning to‘g‘ri yuritilishi Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan nazorat qilinadi.
Nizom 2025 yil 12 dekabrdan kuchga kiradi. Mutaxassislarning fikricha, ushbu tizim dorilar bozorida shaffoflikni oshirishi, shifokorlar tomonidan keraksiz dori yozilishining oldini olishi hamda kontrabanda mahsulotlar savdosiga chek qo‘yishi kutilmoqda.







