“Vatanga qaytarish” aksiyasi doirasida 15 davlatdan 1300 nafar o‘zbek fuqarosi olib kelindi
Qaytarilganlar orasida ayollar, bolalar va deportatsiya markazlarida bo‘lganlar ham bor.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 30 iyul – 30 avgust kunlari o‘tkazilgan “Vatanga qaytarish” aksiyasi doirasida 1300 nafar fuqaro dunyoning 15 davlatidan O‘zbekistonga qaytarildi. Aksiya xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
Bir oy davomida agentlikning koll-markazi va diplomatik vakolatxonalarga 3400 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Shuningdek, 2100 nafardan ziyod fuqaroga huquqiy yordam ko‘rsatildi.
Qaytarilganlar orasida 654 nafar ayol va 438 nafar bola, shuningdek, deportatsiya markazlarida saqlanib turgan 163 nafar hamyurtimiz ham bor.
Hozirda tegishli idoralar qaytarilgan fuqarolarning jamiyatga moslashuvi bo‘yicha zarur choralarni amalga oshirmoqda. Mutasaddi tashkilotlar ularni ijtimoiy hayotga integratsiya qilish va huquqiy ko‘mak ko‘rsatishda davom etmoqda.







