Andijonda Nexia haydovchisi moped va velosipedchini urib yubordi
Ikkala fuqaro ham yengil tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

4 sentabr kuni Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida “Nexia-2” haydovchisi svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtamay, moped bilan to‘qnashib ketdi. To‘qnashuv oqibatida avtomobil boshqaruvini yo‘qotgan haydovchi yo‘l chetida ketayotgan velosipedchini ham urib yuborgan.
Viloyat YHXB ma’lumotiga ko‘ra, hodisa D-137 “Teshikto‘sh–Oyim Qo‘rg‘ontepa–Yorqishloq” avtomobil yo‘lining 48-kilometrida sodir bo‘lgan. 1996 yilda tug‘ilgan haydovchi A.Q. boshqaruvidagi avtomobil avval mopedga, so‘ng velosipedchiga urilgan.
Moped haydovchisi Sh.A. hamda velosipedchi B.N. turli tan jarohatlari olib, Qo‘rg‘ontepa tuman shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga murojaat qilgan. Rasmiylarga ko‘ra, ularning ahvoli yengil baholanmoqda.
Hozirda voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Qoidabuzar haydovchiga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rilishi ta’minlanishi aytilmoqda.







