AQShda Charli Kirkning o‘ldirilishida gumonlanuvchi qotil hibsga olindi
Donald Tramp gumonlanuvchiga o‘lim jazosi qo‘llanilishiga umid bildirdi.

Amerikalik konservativ faol Charli Kirkning o‘ldirilishida gumonlanuvchi 22 yoshli Tayler Robinson Yuta shtatida qo‘lga olindi.
NBC telekanali tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Robinson o‘z otasiga jinoyatni sodir etganini tan olgan. Otasi uni uyga qamab qo‘yib, keyin uning joylashuvi haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan. Bu ma’lumotni The New York Post ham tasdiqlagan.
Reuters agentligi xabarida qayd etilishicha, Yuta politsiyasi gumonlanuvchini hibsga olganini tasdiqlagan. CNN telekanali esa to‘rtta mustaqil manbaga asoslanib, Robinson hozirda so‘roq qilinayotganini yozdi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida gumonlanuvchining “yuqori darajada aniqlik bilan” qo‘lga olinganini ma’lum qilib, unga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llanilishiga umid bildirdi.
FQB direktori Kash Patel yaqin kunlarda gumonlanuvchining hibsga olinishi yuzasidan batafsil ma’lumot berishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 10-sentabr kuni Yuta vodiysi universitetida nutq so‘zlayotgan Charli Kirk snayper o‘qidan og‘ir jarohat olib, shifoxonada vafot etgan edi. U Donald Trampning sodiq tarafdori va mashhur bloger sifatida tanilgan.







