Markaziy bank 9 ta bank va bir qator moliya tashkilotlariga jarima qo‘lladi
Qoidabuzarliklar tufayli bank va mikromoliya tashkilotlariga nisbatan sanksiyalar belgilandi.

Markaziy bank huzuridagi bank nazorati qo‘mitasining 2025-yil avgustidagi yig‘ilishlarida 51 ta masala ko‘rib chiqildi. Unda banklar faoliyatini tartibga solish, moliyaviy nazoratni kuchaytirish hamda qonunbuzilish holatlariga chora ko‘rish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.
Ustav va ruxsat berish masalalarida 32 ta murojaat ko‘rib chiqilgan bo‘lib, ular orasida yangi mikromoliya tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, kredit tashkilotlari ustaviga o‘zgartirishlar kiritish, auditorlik sertifikatlari taqdim etish hamda bank rahbariyati a’zolari nomzodlarini tasdiqlash kabi masalalar mavjud.
Shuningdek, banklarning moliyaviy barqarorligi, muammoli kreditlar hajmini kamaytirish bo‘yicha belgilangan rejalar ijrosi hamda jinoyat daromadlarini legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash masalalari muhokama qilindi. Aniqlangan kamchiliklar sababli 14 ta bank va 2 ta to‘lov tashkiloti ogohlantirildi.
Eng e’tiborlisi, qonunbuzilishlar uchun 9 ta bank, 6 ta mikromoliya tashkiloti va 4 ta lombardga jarima sanksiyalari qo‘llandi. Shuningdek, ustav kapitali bo‘yicha qonunchilik talablari bajarilmagani uchun 1 ta bankning litsenziyasi bekor qilindi.







