Putin va Tramp Malayziyada ko'rishishi mumkin
Malayziya Bosh vaziri ikki davlat yetakchilarining ASEAN sammitida ishtirok etishini e’lon qildi.

Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning ma’lum qilishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hamda AQSH Prezidenti Donald Tramp oktyabr oyida Kuala-Lumpurda o‘tkaziladigan ASEAN sammitida qatnashadi. Sammit doirasida Xitoy, Braziliya va Janubiy Afrika rahbarlari ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Iyul oyida Kuala-Lumpurda ASEAN tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH davlat kotibi Marko Rubio bilan Ukraina, Eron va Suriya bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Lavrov ASEAN bilan hamkorlik mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidlagan.
Kreml ham, Oq uy ham Malayziya bosh vazirining bayonotini hali rasman tasdiqlamagan. Putinning Tramp bilan oxirgi marta uchrashuvi Alyaskada o‘tgan Rossiya–AQSH sammitida bo‘lib o‘tgan, undan oldin esa ikki lider telefon orqali muloqot qilgan edi.
ASEAN sammiti Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasining eng yirik yig‘ilishi bo‘lib, unda siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik masalalari muhokama qilinadi. Har yili ikki marta o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda AQSH, Xitoy, Rossiya va boshqa hamkor davlatlar muntazam ishtirok etib keladi.







