Toshkent viloyatida ommaviy janjal: 29 yoshli fuqaro kaltaklandi
Mushtlashuv ishtirokchilari qo‘lga olindi, ikki shaxsga qidiruv e’lon qilindi.

Joriy yilning 9-sentyabr kuni Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida bir guruh shaxslarning o‘zaro mushtlashayotgani aks etgan videotasvir tarqaldi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan mazkur holat shu kuni nazoratga olinib, tezkor qidiruv tadbirlari tashkil etildi.
Aniqlanishicha, soat 21:30 lar atrofida 29 yoshli fuqaro sinfdoshlari bilan to‘yxona hovlisida turgan vaqtida, unga avvaldan tanish bo‘lgan 1997-yilda tug‘ilgan Yunusov Sirojiddin Safomuddin o‘g‘li boshchiligidagi shaxslar davlat raqami olib tashlangan avtomashinada kirib kelishgan.
Shundan so‘ng, taraflar o‘rtasida kelib chiqqan nizo sababli, 29 yoshli fuqaro qo‘l va oyoqlar bilan urilib, tan jarohati olgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida jinoyat ishiga aloqador shaxslar protsessual tartibda qo‘lga olinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Bundan tashqari, jinoyatda gumon qilinayotgan 2000-yilda tug‘ilgan Qorajonov Javoxir Djafer o‘g‘li hamda Nuraliyev Asadbek Alisher o‘g‘liga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, ularni ushlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.








