“Vatanga qaytish” aksiyasi doirasida 1,2 mingdan ortiq o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi
15 mamlakatdan 654 ayol, 438 bola va 570 erkak Vatanga qaytarildi.

30 iyul – 30 avgust kunlari mamlakatimizda o‘tkazilgan “Vatanga qaytish” xayriya tashabbusi doirasida xorijda og‘ir hayotiy sharoitga tushib qolgan va deportatsiya markazlarida bo‘lgan 1 ming 200 nafardan ziyod hamyurtimiz O‘zbekistonga qaytarildi.
Ushbu jarayon O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati orqali amalga oshirildi. Natijada 15 mamlakatdan fuqarolarimiz vatanga yetkazildi. Eng ko‘p qaytganlar Rossiya Federatsiyasidan (993 kishi), Turkiyadan (106 kishi) va Amerika Qo‘shma Shtatlaridan (56 kishi) bo‘ldi. Shuningdek, Janubiy Koreya, Armaniston, Hindiston, Yaponiya, Belarus, Polsha, Misr, Qirg‘iziston, Latviya, Saudiya Arabistoni va Ozarbayjondan ham yurtdoshlarimiz qaytdi.
Qaytarilgan fuqarolarning 654 nafari ayollar, 570 nafari erkaklar va 438 nafarini bolalar tashkil etadi. Ularga aviachiptalar xaridi uchun jami 4,4 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Bundan tashqari, tashabbus doirasida 2,1 mingdan ortiq vatandoshimiz huquqiy maslahat, hujjatlarni rasmiylashtirish va boshqa zarur ko‘maklarni oldi.
Tashqi ishlar vazirligi ta’kidlaganidek, O‘zbekiston fuqarolari qaysi davlatda bo‘lishidan qat’i nazar, doimo Vatan himoyasi va e’tiborida bo‘lishadi.







