Xorazmdagi 5 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan avariya bo‘yicha YPX xodimlari qamaldi
Ular birinchi yordam ko‘rsatish o‘rniga voqea joyidan ketib qolgan.

Xorazm viloyatida besh kishining halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi ishi bo‘yicha sud hukmi eʼlon qilindi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 2024 yil 27 sentyabr kuni 19 yoshli Sh.Sh. Cobalt mashinasida Bog‘ot–Yangiariq–Xiva yo‘lida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, telefonidan foydalangan. YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan haydovchi katta tezlikda qochib, VAZ-2106 bilan to‘qnashgan.
Fojia oqibatida bitta oilaning besh aʼzosi – 1954 yilda tug‘ilgan erkak, 1957 yilda tug‘ilgan ayol, 2004 yilda tug‘ilgan homilador ayol, 2014 yilda tug‘ilgan qiz va 2020 yilda tug‘ilgan bola halok bo‘ldi. Yana bir bola og‘ir tan jarohati oldi.
Hodisa joyida xizmat olib borgan YPX xodimlari R.M. va D.M. birinchi yordam ko‘rsatish o‘rniga voqea joyidan ketib qolgan.
Sud hukmiga ko‘ra, haydovchi 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi hamda 3 yil haydovchilik huquqidan cheklangan. Ikki YPX xodimi esa xizmat vazifasini bajarmaslik va vakolatlarini suiisteʼmol qilishda aybli deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Viloyat sudining apellyatsiya va taftish instansiyalari dastlabki hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.







