Argentina “tug‘ruq turizmi”ni taqiqladi
Endi xorijiy fuqarolar bola tug‘ilgach darhol emas, balki ikki yil mamlakatda yashaganidan so‘ng fuqarolik olishi mumkin.

Argentina hukumati so‘nggi yillarda rossiyalik ayollar orasida keng tarqalgan “tug‘ruq turizmi” amaliyotiga chek qo‘yish bo‘yicha qat’iy choralarni joriy qildi. Bu haqda Argentina Respublikasining Rossiyadagi elchisi Enrike Ignasio Ferrer Vieyra Rossiya ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon Argentina hududida farzand ko‘rgan xorijliklar, jumladan rossiyalik fuqarolar, bola tug‘ilgach darhol fuqarolik olish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Endilikda fuqarolik naturalizatsiya asosida beriladi va buning uchun shaxs 18 yoshdan katta bo‘lishi, mamlakat hududida doimiy yashash joyiga ega ekanligini isbotlashi hamda kamida ikki yil davomida Argentinani tark etmagan holda qonuniy yashagan bo‘lishi shart.
Vieyra ta’kidlaganidek, ilgari ayrim rossiyalik ayollar Argentinaga vizasiz tartibda kelib, homiladorligini yashirgan va davlatning bepul tibbiyot hamda ijtimoiy xizmatlaridan foydalanib, bola tug‘ilgach esa mamlakatdan chiqib ketgan. Shu sababli hukumat ushbu tartibni o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2022–2023 yillar davomida Argentinaga 23 mingdan ortiq rossiyalik kirib kelgan. Ulardan katta qismi mamlakat fuqaroligini olishni maqsad qilgan, biroq ko‘pchiligi uzoq qolmagan. Shu bilan birga, 2023-yilda Rossiyadan kelganlarga berilgan yashash ruxsatnomalari soni 3 700 taga yetib, rekord darajaga chiqqan.
Argentina hukumati migratsiya siyosatini qayta ko‘rib chiqish orqali davlatning ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlaridan noqonuniy foydalanishning oldini olishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, rasmiylar qonuniy tartibda migratsiya qilishni istagan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.
Shuningdek, ilgari Argentinada tug‘ilgan bolaning ota-onasi pasport olishning soddalashtirilgan tartibidan foydalangan va fuqarolikka ariza topshirish uchun ikki yil kutishga majbur bo‘lmagan. Endilikda esa bu imkoniyat ham tugatildi.
Argentina pasporti xalqaro miqyosda yuqori kuchga ega bo‘lib, 170 dan ortiq davlatga vizasiz borish imkonini beradi. Shu sababli oxirgi yillarda bu hujjatni olishga qiziqish sezilarli darajada oshgan edi.







