Netanyaxu: “Qatardagi HAMAS rahbarlari urushni tugatishga asosiy to‘siq”
Isroil Bosh vaziri Qatardagi HAMAS rahbariyatini yo‘q qilish zarurligini ta’kidladi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu o‘zining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi murojaatida Qatarda yashayotgan HAMAS rahbarlari masalasiga to‘xtalib, ularni “asosiy to‘siq” sifatida baholadi.
Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, mazkur rahbarlar tirik qolayotgani G‘azo bo‘yicha muzokaralarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. U HAMAS yetakchilarini “o‘z xalqining dardiga befarq” deya tanqid qildi va ularni yo‘q qilish garovga olinganlarni ozod qilish hamda urushni yakunlashning muhim sharti ekanini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, 9-sentyabr kuni Isroil armiyasi Dohada G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokara olib borgan HAMAS delegatsiyasiga qarshi zarba bergan edi. Isroil tomoni hujum haqida Qo‘shma Shtatlarni xabardor qilgani, hatto ayrim manbalarga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Trampdan ruxsat olgani haqida xabarlar tarqalgan.
Isroil armiyasi bu operatsiyani “Yong‘in sammiti” deb atadi. U 2023-yil 7-oktabrda Isroilga uyushtirilgan hujumda mas’ul hisoblangan yuqori martabali shaxslarni nishonga olgan. HAMAS ma’lumotlariga ko‘ra, Dohadagi zarbalarda delegatsiya a’zolaridan hech kim jabrlanmagan.








