Ramzan Qodirov Alla Pugachovani “xalq dushmani” deb atadi
Qodirov qo‘shiqchini mansabparastlik va xalq muammolariga befarqlikda aylagan.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov mashhur qo‘shiqchi Alla Pugachovaning jurnalist Katerina Gordeyeva bilan intervyusiga keskin munosabat bildirdi. Suhbatda Pugachova tan olinmagan Ichkeriya respublikasining sobiq rahbari Jo‘har Dudayevni “odobli, halol, ziyoli inson” deb ta’riflagandi.
Qodirov esa bunga qarshi chiqib, Pugachevani “xalq dushmani va sotqin” deb atadi. Uning fikricha, Dudayevning mansabparastligi va xalq muammolariga befarqligi Chechenistonda banditizm kuchayishi va iqtisodiy inqirozga olib kelgan.
“Artist ayol bu mavzudan mutlaqo bexabar. Chechen xalqining eng og‘ir davri haqida gapirishga uning haqqi yo‘q”, – dedi Qodirov o‘zining Telegram-kanalida.
U, shuningdek, 1994-yilgi Checheniston urushini “Berezovskiy kabi Pugachevaga o‘xshagan xoinlar” boshlaganini iddao qildi.
Qiziq jihati, Ramzan Qodirovning o‘zi ham dastlab Dudayev boshchiligida federal kuchlarga qarshi jang qilgan, uning otasi Axmat Qodirov esa Dudayevning safdoshlaridan bo‘lgan. Keyinchalik otasi ham, o‘g‘li ham Rossiya tomoniga o‘tib, separatistlarga qarshi kurashni boshlagan.
Qodirov Pugachevaning Ukrainadagi urush haqidagi tanqidiy bayonotlariga to‘xtalmadi. Xonanda bu mojaroni “aka-ukalar urushi” deb atab, yangi urushlarni boshlashni doimiy xato deb hisoblashini aytgan.
Kreml esa hozircha Pugacheva intervyusiga izoh bermadi.
Shuni ham eslatish joizki, 2015-yilda Qodirov Pugachevani “hammaning suyuklisi” sifatida tilga olgan edi. Bugungi keskin bayonot esa Checheniston rahbarining unga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgarganini ko‘rsatmoqda.







