Rossiya–O‘zbekiston avtobus yo‘nalishlarida soxta chipta savdosi aniqlanmoqda
Transport vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda noqonuniy chipta savdosi avj olayotgani haqida ogohlantirdi.

O‘zbekistonda Rossiya shaharlaridan Toshkentga qatnovchi avtobuslarga chipta sotish bahonasida yangi firibgarlik sxemalari kuzatildi. So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda va turli onlayn platformalarda o‘zini chipta sotuvchi sifatida tanishtirgan shaxslar fuqarolarni aldayotgani aniqlanmoqda.
Firibgarlar yo‘lovchilarga tezkor safar va qulay sharoitlar va’da qilib, “O‘zavtotrans servis”ning rasmiy narxlaridan ancha yuqori miqdorda chipta taklif qilmoqda. Ba’zi hollarda esa ular avans to‘lovini olgach, umuman g‘oyib bo‘lib, fuqarolarni chorasiz qoldirmoqda.
Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ayrim fuqarolar noqonuniy tashuvchilarning reyslariga tushib qolmoqda. Bunday xizmatlar na yo‘lovchi xavfsizligi, na qulaylik uchun javobgarlikni zimmasiga olmaydi.
Ayni paytda “O‘zavtotrans servis” Moskva–Toshkent, Qozon–Toshkent va Perm–Toshkent yo‘nalishlarida muntazam avtobus qatnovlarini amalga oshirib kelmoqda. Chiptalarni faqat rasmiy kassalardan yoki busnovoyas.ru hamda e-traffic.ru saytlari orqali onlayn xarid qilish mumkin.
Transport vazirligi fuqarolarga ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan shubhali e’lonlarga ishonmaslik, shaxsiy ma’lumotlarni begonalarga bermaslik va notanish shaxslarning bank kartalariga pul o‘tkazmaslikni qat’iy tavsiya etadi.







