Afg‘onistondan olib kelingan 25 kg dan ortiq narkotik moddalar to‘xtatib qolindi
DXX Zamon.uz’ga voqea tafsilotlarini ma’lum qildi.

Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari hamda psixotrop moddalar kontrabandasiga va noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Fargʻona viloyatida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Xususan, muqaddam narkokuryerlar tomonidan Afgʻoniston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan Surxondaryo viloyati hududiga olib oʻtilgan va Yozyovon tumaniga keltirilib, dala maydonidagi xufiya joyga yashirib qoʻyilgan 9 kg 896 gr “gashish” moddasini qabul qilib olgan vaqtlarida Margʻilon shahrida yashovchi, 1983 y.t. xususiy tadbirkor va uning 1989 y.t. jinoiy sherigi ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, voqea joyidan qochishga urinagan xususiy tadbirkorning yonida boʻlgan 14 ming 500 AQSh dollari va 6 mln. 250 ming soʻm ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olingdi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu noqonuniy ishga aloqador boʻlgan uchinchi shaxsning yashash xonadonidan esa 110 gr. “opiy” modda, 2 ta elektron tarozi, 1200 AQSh dollari hamda 28 mln. soʻm protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Taʼkidlash lozimki, ushbu ajal oʻgʻusi Fargʻona vodiysidagi isteʼmolchilarga sotilishi kerak boʻlgan.
Afgʻoniston yoʻnalishida narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari tomonidan yana bir tezkor tadbir oʻtkazildi.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida yashovchi, 1963 y.t., muqaddam narkotik moddalar savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs Xorazm viloyati Xazorasp tumanida istiqomat qiluvchi, 1978 y.t. fuqaro bilan oʻzaro til biriktirib, kelgusida sotib, mоʻmay daromad topish maqsadida afgʻistonlik narkosavdogarlarga katta miqdorda giyohvandlik vositasini buyurtma berishadi.
Oʻz navbatida narkokuryerlar tomonidan ajal oʻgʻusi Afgʻonistondan Surxondaryo viloyati hududiga olib oʻtilib, keyinroq Toʻrtkoʻl tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketiladi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toʻrtkoʻl va Xazorasplik mazkur shaxslar xufiya joydan 6 kg 149 gr “opiy” moddasini va 9 kg 814 gr koʻknori somonini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov harakatlari doirasida ularning jinoiy aloqalarini aniqlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.







