Kambag‘al oilalar farzandlari uchun ta’lim imkoniyatlari kengaytiriladi
Imtiyozli ta’lim kreditlari va davlat grantlari ko‘payib, minglab yoshlar sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” III xalqaro forumida ta’lim sohasidagi islohotlarga to‘xtalib, sifatli ta’lim inson kapitalini rivojlantirish va uzoq muddatli istiqbolda kambag‘allikni qisqartirishning eng muhim omili bo‘lib qolishini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshgani natijasida 1 million ayol ta’lim olish, kasb-hunar o‘rganish va o‘z daromadini topish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Davlat rahbari bu jarayonni yanada kengaytirib, kambag‘al oilalar farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish choralari ko‘rilishini bildirdi.
Shuningdek, bunday oilalar farzandlarining xorijiy til va kasb-hunar o‘rganish xarajatlarining 80 foizi davlat tomonidan qoplanishi belgilandi. Bu orqali 100 ming kambag‘al oila farzandlari qo‘shimcha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Eng muhimi, har bir kambag‘al oilada kamida bitta oliy ma’lumotli yosh bo‘lishini ta’minlash maqsadida imtiyozli ta’lim kreditlari va davlat grantlari soni oshiriladi. Shu bilan birga, xalqaro standartlarga mos Kasbga tayyorlash xalqaro markazlari tashkil etilib, bitiruvchilarga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berilishi rejalashtirilmoqda.







