Endi o‘rmon yong‘inlari zamonaviy suvpurkagichlar orqali bartaraf etiladi
Hududiy o‘rmon xo‘jaliklariga yong‘inga qarshi yangi texnikalar topshirildi.

Toshkentda Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi tomonidan hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklariga zamonaviy yong‘inga qarshi texnikalar topshirildi.
O‘rmon agentligi direktori o‘rinbosari G‘olibjon Qurbonov taʼkidlashicha, iqlim o‘zgarishi va qurg‘oqchilik sabab dunyo miqyosida o‘rmon yong‘inlari xavfi ortib bormoqda. Shu bois o‘rmon xo‘jaliklarini maxsus texnikalar bilan taʼminlash dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Tadbir davomida 40 ga yaqin hududiy xo‘jalikka 250 dona motopompa, 250 mexanik va 200 benzinli suv purkagich topshirildi. Ushbu uskunalar yong‘inlarning oldini olish hamda ularni tezkor bartaraf etish imkonini beradi.
Mazkur texnikalar “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasi doirasida, O‘rmon agentligi va Jahon banki hamkorligida, qariyb 90 ming AQSH dollari qiymatida xarid qilindi. Loyihaning asosiy maqsadi – o‘rmon va yashil hududlarni kengaytirish, cho‘llanishni kamaytirish va ekologik barqarorlikni taʼminlashdan iborat.
Yangi texnika bilan taʼminlangan o‘rmon xo‘jaliklari kelgusida yong‘in xavfini kamaytirish va tabiatni asrab-avaylash ishlarini yana-da samarali tashkil etish imkoniyatiga ega bo‘ladi







