O‘zbekistonda bolalar qashshoqligi 4 yilda ikki baravar qisqardi — UNICEF
UNICEF ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda bolalar qashshoqligi 2021-yildagi 21,5 foizdan 2024-yilda 11,4 foizgacha kamaydi.

Namanganda o‘tkazilgan “Qashshoqlikdan farovonlik sari” III Xalqaro forumida UNICEF vakolatxonasi rahbari Rejina Kastiglio O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bolalar qashshoqligini kamaytirish yo‘nalishida erishilgan natijalarni e’tirof etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021–2024-yillar davomida bolalar qashshoqligi darajasi 21,5 foizdan 11,4 foizga tushgan. Bu jarayonda ijtimoiy yordam dasturlarining kengayishi muhim rol o‘ynadi: bolalarni pul o‘tkazmalari bilan qamrab olish uch barobar ko‘paydi, nafaqa oluvchi oilalar soni esa 40 foizga yetdi. UNICEF hisob-kitoblariga ko‘ra, agar ushbu yordamlar bo‘lmaganida mamlakatda qashshoqlik darajasi ikki baravar yuqori bo‘lishi mumkin edi.
Tashkilot vakillari ijtimoiy himoya tizimiga kiritilgan har bir dollar iqtisodiyotga 2,40 dollar daromad keltirishini qayd etdi. Shu bilan birga, faqat moddiy yordam bilan chegaralanib bo‘lmasligi ta’kidlandi. Bolalarning sifatli ta’lim, sog‘liqni saqlash va himoya xizmatlariga teng imkoniyat asosida ega bo‘lishi — inson kapitalini rivojlantirishda asosiy omil sifatida ko‘rsatildi.
UNICEF ijtimoiy siyosat dasturi rahbari Tinatin Baumning so‘zlariga ko‘ra, bolalikda qashshoqlik sharoitida ulg‘ayganlarning 32 foizi kattalikda ham kambag‘al bo‘lib qolmoqda, bolaligida qashshoqlikni boshdan kechirmaganlar orasida esa bu ko‘rsatkich atigi 1 foizni tashkil qiladi.







