Tramp: “Putindan umidim katta edi, ammo u meni xafa qildi”
AQSh prezidenti Rossiya bilan muzokaralar kutilganidan murakkabroq kechayotganini bildirdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniya bosh vaziri Key Starmer bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi mojaro yuzasidan kutilganidan butunlay farqli pozitsiya bildirgani sababli uni “tushkunlikka solganini” ma’lum qildi.
Trampning qayd etishicha, u Rossiya va Ukraina bilan muzokaralar osonroq kechishiga umid qilgan, ammo voqealar kutganidan mutlaqo boshqacha yo‘nalishda rivojlanmoqda. “Men yaxshi xabarga umid qilgandim, ammo vaziyat aksincha bo‘lib chiqdi. Shunga qaramay, kelajakda Ukrainadagi mojaroga barham berilishiga ishonchim komil”, — dedi AQSh rahbari.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Key Starmer esa Trampning fikrlarini qo‘llab-quvvatladi va mojaroning tugashiga erishish uchun Rossiyaga nisbatan bosimni kuchaytirish lozimligini ta’kidladi. “Prezident Putinga kuchli bosim o‘tkazilsa, u muzokaralarga moyilligini namoyon etishi mumkin”, — dedi Starmer.







