Toshkentda bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat kerakmi?
Qurilish vazirligi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabarga izoh berdi.

29 avgust kuni qurilish sohasi tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda o‘zini bir nechta qurilish kompaniyalari rahbari sifatida tanishtirgan Usmonjon Abdusamadov turli daʼvolar bilan chiqqandi. U, jumladan, “Toshkentda bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat bor”, - deya fikr bildirgandi.
Qurilish vazirligiga ko‘ra, mazkur maʼlumotlar ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarni keltirib chiqargan. Natijada qurilish sohasida respublika miqyosida olib borilayotgan islohotlarga, soha vakillari hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga nisbatan salbiy munosabat shakllanmoqda. Bu esa o‘z navbatida Vazirlik va uning tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazmoqda.
“Shu bois Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi fuqaro (tadbirkor) Usmonjon Abdusamadovga nisbatan tegishli tartibda javobgarlik choralari qo‘llanishini so‘rab, Ichki ishlar vazirligiga rasmiy ariza kiritganini maʼlum qiladi.
Qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda elektron tarzda amalga oshiriladi. Bu jarayonda qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi qatʼiy taqiqlangan”, deyiladi rasmiy munosabatda.







