Toshkent aeroportida iPhone 17 telefonlari to‘xtatib qolindi
Yo‘lovchi ularni yuklar orasida yashirib olib o‘tmoqchi bo‘lgan.

Toshkent xalqaro aeroportida “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari telefonlarni noqonuniy olib kirishga urinishning oldini oldi.
“Doha-Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab uchib kelgan O‘zbekiston fuqarosi bojxona nazorati zonasining “yashil” yo‘lagi orqali harakatlanganidan so‘ng to‘xtatildi.
Uning o‘zi va bagajlari ko‘zdan kechirilganida, mazkur fuqaroga tegishli bo‘lgan yuklar orasidan bojxona nazoratiga tegishli tartibda taqdim etilmagan, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan dastlabki taxminiy qiymati 230 000 000 mln so‘mlik jami 9 dona “iPhone 17” rusumli uyali aloqa vositalari borligi aniqlanib, huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olindi.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan hujjatlar rasmiylashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.







