O‘zbekistonda milliy ma’lumot markazlari barpo etiladi
Bu“ICT Week Uzbekistan 2025” haftaligida e’lon qilindi.

O‘zbekiston yaqin kelajakda mamlakat hududida joylashgan ulkan quvvatlarga ega “cloud” xizmatlariga ega bo‘ladi. Bu haqda “ICT Week Uzbekistan 2025” haftaligida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda tadbirda ishtirok etayotgan “Zamon.uz” muxbiri.
Qayd etilishicha, ushbu loyiha xorijiy serverlarga bog‘liq bo‘lmagan suveren raqamli infratuzilmani barpo etish imkonini beradi. Mahalliy IT-kompaniyalar jismonan O‘zbekistonda joylashgan quvvatlardan foydalanib, o‘z mahsulotlarini, jumladan sun’iy intellekt sohasidagi ishlanmalarni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘zbekistondagi data-markazlar qurilishi bilan Saudiyaning DataVolt kompaniyasi shug‘ullanmoqda. Avvalroq ushbu maqsadlar uchun 6,5 milliard dollargacha sarmoya kiritilishi ma’lum qilingandi.
DataVolt butun dunyo bo‘ylab ma’lumotlar markazlarini rivojlantirishga faol sarmoya kiritib kelmoqda. Qiymati 100 milliard dollardan ortiq bo‘lgan Vision investitsiya guruhining bir qismi sifatida DataVolt AQSH, Hindiston va Saudiya Arabistonidagi loyihalarda, jumladan shov-shuvli NEOM utopik shahar loyihasida ishtirok etmoqda.
Loyiha tashabbuskorlarining ta’kidlashicha, buning natijasida milliy kompaniyalar o‘z mahsulotlarini tashqi serverlarga qaram bo‘lmagan holda, O‘zbekiston hududida joylashgan zamonaviy quvvatlardan foydalangan holda rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ayniqsa, bu sun’iy intellekt va biznes loyihalari uchun katta foyda keltirishi mumkin.
Ma’lumot uchun: to‘rt kun davom etadigan mazkur forumda 50 dan ortiq davlat vakillari, 300 dan ziyod kompaniya va hamkorlar hamda 20 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.
Dastur davomida 200 dan ortiq xalqaro ekspertlar, jumladan Meta, Microsoft, UzTelecom, Yandex Uzbekistan, Digital Engineering School, Zoomrad, Mobi.uz, Uzinfocom, Beeline, Huawei kabi tashkilotlar o‘z mahsulotlari taqdimotini o‘tkazmoqda.







