Toshkent viloyatida ikkita poyezd vagoni relsdan chiqib ketdi
Hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmadi, qisqa muddatli kechikishlardan so‘ng harakat tiklandi.

27-sentabr kuni kechqurun Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yuk poyezdi bilan bog‘liq texnik nosozlik yuz berdi. Soat 18:36 da Olmazor va Rasulobod bekatlari oralig‘ida sut mahsulotlarini tashiyotgan poyezdning ikki vagoni relsdan chiqib ketgani qayd etildi.
Temiryo‘l xizmati xodimlari tezkor choralar ko‘rib, uchastkada harakat xavfsizligini ta’minlash uchun ta’mirlash ishlarini olib bordi. Shu sababli qisqa muddatli kechikishlar kuzatilgan bo‘lsa-da, qisqa fursatda poyezdlar harakati to‘liq tiklandi.
Soat 21:30 larda yana xuddi shu hududda, Rasulobod vokzali yaqinida, “Jizzax–Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan yuk poyezdining ikki vagoni relsdan chiqib ketgani ma’lum qilindi.
Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Favqulodda vaziyatlar xizmati va mutasaddi tashkilotlar voqea joyiga yetib kelib, zarur choralarni ko‘rdi. Hozirda mazkur holat yuzasidan texnik tekshiruv ishlari olib borilmoqda.







