Yevropa Ittifoqi Eronga qarshi sanksiyalarni qayta tikladi
Eronga qurol, uran boyitishga oid texnologiya, energetika uskunalari va qimmatbaho metallar yetkazib berish man etildi.

29-sentabr kuni Yevropa Ittifoqi Kengashi Eronning yadroviy dasturi bilan bog‘liq ravishda ilgari to‘xtatilgan sanksiyalarni qayta joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Mazkur qaror BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan sanksiyalarni uzaytirmaslik qarori ortidan hamda Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya tomonidan Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasida (JCPOA) nazarda tutilgan “snapback” mexanizmini ishga tushirilishi natijasida qabul qilindi.
Qayta tiklangan choralar safida ayrim jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan safar cheklovlari joriy etish, aktivlarni muzlatish, iqtisodiy resurslardan foydalanishni taqiqlash, shuningdek, savdo, moliya va transport sohalarida keng qamrovli iqtisodiy sanksiyalar mavjud.
Bundan tashqari, Eronga qurol eksporti, uranni boyitish yoki ballistik raketa dasturlarida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan texnologiyalarni yetkazib berish qat’iyan man etildi. Energetika sohasi uchun zarur bo‘lgan uskunalar, oltin va boshqa qimmatbaho metallar, olmos hamda ayrim dengiz uskunalari va dasturiy ta’minot yetkazib berish ham taqiqlanmoqda.
Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Eron Markaziy banki va yirik tijorat banklarining aktivlarini muzlatish tartibini tikladi, Eron yuk samolyotlari uchun YeI aeroportlariga kirishni man qildi hamda taqiqlangan tovarlarni tashuvchi kemalarga texnik xizmat ko‘rsatishni taqiqladi.
Tehron esa bunday qarorlarga keskin javob berilishini bildirgan va Fransiya, Germaniya hamda Buyuk Britaniyadagi elchilarini maslahatlashuvlar uchun chaqirib olishini e’lon qilgan.







