Bahorda ekilgan ko‘chatlarning 27,5 milliontasi qurib qoldi
Ularga odatdagidan 2–3 barobar ko‘p suv talab etilgan.

O‘zbekiston bo‘ylab “Yashil makon” dasturi doirasida 2025 yil bahorida ekilgan 137 millionta ko‘chatning 27,5 millioni qurib qolgani maʼlum qilindi.
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyev 26 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu holatni tanqid qilgan.
Rasmiy maʼlumotga ko‘ra, ko‘chatlarning qariyb 20 foizi qurib qolishiga sabab – bahor va yozda issiq kunlar tez kelib qolgani va ko‘chatlar tamoman unib ulgurmaganidir. Ularga odatdagidan 2–3 barobar ko‘p suv talab etilgan.
Shu munosabat bilan Prezident daraxtlarni kuzda ko‘proq ekish zarurligini taʼkidladi. Bu yilgi kuz mavsumida 125 million tup daraxt va butalar, 2026 yil bahorida esa yana 75 millionta ko‘chat ekish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, sug‘orish tizimi va imkoniyati yo‘q hududlarga ko‘chat ekish taqiqlanishi alohida qayd etildi.







