Nyu-York aeroportida ikkita samolyot to‘qnashib ketdi
Hodisa oqibatida styuardessa tan jarohati olgan.

Kecha, 1 oktyabr kuni kechqurun Nyu-York shahridagi LaGuardiya xalqaro aeroportida Delta Air Lines aviakompaniyasiga tegishli ikkita samolyot past tezlikda bir-biriga to‘qnashdi. Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 21:56 atrofida, samolyotlar yo‘lakda harakatlanayotgan vaqtda sodir bo‘lgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, ulardan biri Virdjiniya shtatidagi Roanok shahriga parvozga tayyorlanayotgan bo‘lgan, ikkinchisi esa Sharlott (Shimoliy Karolina) yo‘nalishidan qo‘ngan.
To‘qnashuv oqibatida bir styuardessa yengil jarohat olgan va shifoxonaga yetkazilgan. Yo‘lovchilar orasida jabrlanish holatlari qayd etilmagan.
Delta Air Lines xodisani “past tezlikda to‘qnashuv” sifatida taʼriflab, tegishli idoralar bilan hamkorlikda tekshiruv olib borilishini maʼlum qildi.
Federal aviatsiya maʼmuriyati (FAA) hodisa yuzasidan surishtiruv boshlagan. Hozircha aeroportning umumiy ish faoliyatiga jiddiy taʼsir ko‘rsatilmagan va parvozlar reja asosida amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, LaGuardiya aeroporti AQSHning eng yirik aeroportlaridan biri bo‘lib, har kuni yuzlab reyslarga xizmat ko‘rsatadi.







