Nasiya savdo bozoriga yangi qoidalar kiritiladi
Bu bo‘yicha axloq qoidalari loyihasi eʼlon qilindi.

Markaziy bank nasiya savdo bozori ishtirokchilari uchun axloq qoidalari loyihasini eʼlon qildi.
Unga ko‘ra, Nasiya tashkilotlari FinTex Assotsiatsiyasiga aʼzo bo‘lishi shart. Aʼzolarga “Ishonch belgisi” beriladi – bu xizmatlar qonuniy va shaffofligini ko‘rsatadi.
Shartnomalarda ochiqlik talab qilinadi: mahsulotlar, to‘lov tartibi, komissiya va jarimalar haqida barcha maʼlumot saytda bo‘lishi shart.
Mijozlar shartnoma tuzishdan oldin APR, umumiy to‘lov va kechiktirish oqibatlari haqida to‘liq xabardor qilinadi.
Reklamada “0%”, “bepul”, “barchaga mos” kabi chalg‘ituvchi iboralar taqiqlanadi.
Xizmatlar faqat 18 yoshdan oshganlarga ko‘rsatiladi, ilk limit — 2 mln so‘m. Qarz yuki 50%dan oshmasligi kerak.
Foiz va yig‘imlar yiliga asosiy qarzning yarmidan ko‘p bo‘lmasligi belgilanadi. Qarz undirishda tahdid yoki bosim o‘tkazish taqiqlanadi.







