Sobiq “Toshturma” hududi bo‘yicha shahar hokimiga so‘rov yuborildi
Unda mazkur hududda infratuzilmani yaratish ishlari kechikish sabablariga oid tushuntirish berish so‘ralgan.

2018 yil 22 martda Vazirlar Mahkamasining 220-f-sonli farmoyishi qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish va Toshkent shahrida qurilish hamda obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish maqsadida bir qator vazifalar belgilangan edi.
Mazkur farmoyish asosida Yunusobod tumani, Namangan ko‘chasi 1-uy manzilida joylashgan sobiq 1-sonli tergov hibsxonasi — xalq orasida “Toshturma” nomi bilan mashhur hudud — Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazilgan. Shu yerda zamonaviy xiyobon, yaʼni barcha zarur infratuzilmaga ega dam olish maskanini barpo etish vazifasi yuklatilgan.
Biroq oradan 6 yilga yaqin vaqt o‘tganiga qaramay, hujjatda ko‘rsatilgan vazifalar to‘liq amalga oshirilmagani maʼlum bo‘ldi. Ayni paytda yer maydonlari qarovsiz holatda qolmoqda. Shu bilan birga, ayrim xususiy qurilish kompaniyalari ushbu hududdan shaxsiy manfaatlarda foydalanishga harakat qilayotgani kuzatilmoqda. Bu holat esa mahalliy aholida haqli eʼtiroz va noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov nomiga senator so‘rovini yo‘lladi.
Eslatib o‘tamiz, “Toshturma” Toshkentning eng ko‘hna tarixiy maskanlaridan biri hisoblanadi. Mazkur hibsxona binosi turli davrlarda mamlakat tarixida muhim voqealar bilan bog‘liq bo‘lgan. Shu bois uning hozirgi taqdiri jamoatchilik eʼtiborida qolmoqda.







