Qozog‘istonda spirtli ichimliklar savdosi taqiqlanishi mumkin
Qozog‘iston sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi cheklovlar joriy etmoqda.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi mamlakatda spirtli ichimliklar savdosini tartibga solish bo‘yicha yangi choralar ko‘rishni taklif qildi. Bu haqda ichki ishlar vaziri Yerjan Sadenov parlament quyi palatasida o‘tkazilgan hukumat soati davomida ma’lum qildi.
Vazirlik taklifiga ko‘ra, spirtli ichimliklar faqat maxsus litsenziyaga ega do‘konlarda sotilishi, ularni onlayn tarzda realizatsiya qilish esa butunlay taqiqlanishi lozim. Shuningdek, savdo nuqtalarining sonini cheklash hamda ularning faoliyatini litsenziyalash talablari kuchaytirilishi rejalashtirilgan.
Yerjan Sadenovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘ngilochar maskanlarda spirtli ichimliklar savdosiga vaqt jihatdan cheklovlar kiritish zarur, chunki o‘tgan yilda bunday joylarda 1400 dan ortiq jinoyat, jumladan, uchta qotillik mast holatda sodir etilgan.
“Bizning asosiy maqsadimiz — fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish,” — dedi Sadenov.
Vazir, shuningdek, mamlakatda sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya markazlari yetishmayotganini ta’kidladi. Hozirda mavjud 38 ta markazda atigi 699 o‘rin mavjud bo‘lib, yana 14 ta yangi muassasa ochish zarurligi qayd etildi.
Qozog‘istonda so‘nggi yillarda spirtli ichimliklar savdosi bosqichma-bosqich cheklanmoqda. 2014-yildan boshlab kuchli spirtli ichimliklarni soat 21:00 dan 12:00 gacha, past alkogollilarni esa 23:00 dan 8:00 gacha sotish taqiqlangan.







