O'zbekiston

“O‘zbek tili rivojida ham yangi davr boshlandi”

Prezident O‘zbekiston xalqini O‘zbek tili bayrami bilan qutladi.

“O‘zbek tili rivojida ham yangi davr boshlandi”

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi e’lon qilindi.

 

“Qadrli vatandoshlar! Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidan mustahkam o‘rin olgan qutlug‘ sana – O‘zbek tili bayrami kuni bilan siz, azizlarni, butun xalqimizni, chet ellardagi barcha yurtdoshlarimizni chin dildan samimiy muborakbod etaman.

 

Ushbu shukuhli ayyomda bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: bundan sakkiz yil oldin mamlakatimizda boshlagan tom ma’nodagi tarixiy islohotlarimiz tufayli o‘zbek tili rivojida ham yangi davr boshlandi. Bu borada qabul qilingan farmon, qaror va dasturlar asosida uning davlat tili sifatidagi o‘rni va maqomini mustahkamlash, zamonaviy ilm-fan, axborot texnologiyalari va xalqaro munosabatlar tiliga aylantirish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirdik.

 

Xususan, yurtimizda geografik obyektlar nomlarini davlat tili me’yorlariga muvofiqlashtirish izchil davom ettirilmoqda. Bugungi kunga qadar 250 mingga yaqin geografik obyekt, jumladan, 200 mingdan ortiq ko‘cha nomlari davlat tiliga muvofiqlashtirilib, reyestrga kiritilgani, faqat keyingi ikki yilda tog‘ va cho‘qqilar, daryo, ko‘l, suv omborlari, foydali qazilma konlari, metro bekatlari, temiryo‘l vokzali va stansiyalari, aeroport va avtostansiyalar singari 2 ming 600 ta obyekt davlat tili talablari asosida qayta nomlanganini qayd etish zarur.

 

Hozirgi shiddatli globallashuv jarayonlari, ilm-fan yutuqlari orqali hayotimizga keng miqyosda kirib kelayotgan yangi tushuncha va atamalarni tilimizga aniq qoida va tamoyillarga binoan qabul qilish, til siyosatini ilmiy asosda, markazlashgan holda yuritish maqsadida Atamalar komissiyasi faoliyati kuchaytirildi.

 

Xorijiy so‘z va iboralarni keng jamoatchilik, olim va mutaxassislar ishtirokida o‘zbekchalashtirish bo‘yicha samarali mexanizm joriy etilib, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish uchun maxsus dasturiy ta’minot ishlab chiqilgani, elektron manbalar yaratilgani e’tiborga sazovordir.

 

Shu o‘rinda bir fikrni yana ta’kidlashni o‘rinli, deb bilaman: kelajagimiz egasi bo‘lgan yosh avlodimiz zamonaviy bilimlar, innovatsiya va taraqqiyot cho‘qqilarini egallashi uchun albatta chet tillarini o‘rganishi lozim. Lekin ular milliy ruh, milliy tafakkur egasi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishlari uchun, avvalo, o‘zbek tili va adabiyotini bolalikdan boshlab puxta bilishlari shart.

 

Shu maqsadda ta’lim tizimida o‘zbek tilini o‘qitishni takomillashtirishga jiddiy ahamiyat qaratmoqdamiz. Joriy yildan e’tiboran tegishli milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘zbek tili fani o‘qituvchilarining oylik maoshiga 50 foiz qo‘shimcha ustama berilayotgani, ta’lim boshqa tilda olib boriladigan maktablarning 11-sinf bitiruvchilari uchun davlat tili fanidan yakuniy imtihon topshirish belgilangani shu yo‘ldagi muhim qadamdir.

 

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish talabi rasman belgilangani ham tilimizning mavqeini oshirishga xizmat qilmoqda.

 

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan o‘tgan davrda 72 nomda qomus, lug‘at va qo‘llanmalar ko‘pming nusxalarda chop etilib, davlat idoralari va ta’lim muassasalariga taqdim etildi.

 

Ayniqsa, olti jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, to‘rt jildli “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”, besh jildli “Navoiy tili lug‘ati” va boshqa nashrlar yetakchi xorijiy universitetlarning kutubxonalari, jahondagi o‘zbek tili markazlari va klublariga yetkazib berilayotgani saflari tobora kengayib borayotgan o‘zbek tili do‘stlarini mamnun etmoqda.

 

Biz inklyuziv jamiyat barpo etish tamoyillarini til sohasidagi davlat siyosatimizda ham muvaffaqiyatli joriy etib, mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillarining ona tillarini rivojlantirishga muhim ahamiyat bermoqdamiz. Ayni vaqtda  ularning davlat tilini o‘rganishlari uchun ham zarur sharoitlar yaratyapmiz. Bugungi kunda o‘zbek tili davlat tili sifatida mamlakatimizdagi barcha millat va elat vakillarini jipslashtirishga xizmat qilayotgani birgalikda olib borayotgan sa’y-harakatlarimiz natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

 

Aziz do‘stlar! Bugungi imkoniyatdan foydalanib, o‘zbek tilining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish borasida oldimizda turgan muhim vazifalarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

 

Bu borada, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu bayram arafasida qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan asosiy maqsad va vazifalarni o‘z vaqtida, samarali amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, ushbu qaror bilan tasdiqlangan “2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026-yillarda amalga oshirish dasturi”ni hayotga joriy etishda nafaqat mas’ul va mutasaddi tashkilotlar, balki barchamiz faol ishtirok etishimiz zarur.

 

Bu haqda so‘z yuritganda, raqamli olamda o‘zbek tilida sifatli, ilmiy asoslangan, qiziqarli axborot va ma’lumotlarni ko‘paytirish, xususan, global elektron ensiklopediya va platformalarni davlat tilidagi ilmiy-ommabop maqolalar bilan boyitish, onlayn lug‘atlarni takomillashtirish ham diqqatimiz markazida bo‘lishi lozimligini aytib o‘tmoqchiman. Hayotimizda sun’iy intellekt ta’siri ortib borayotgan bir paytda bu qudratli vosita yordamida ona tilimizni rivojlantirish va targ‘ib etish – davr talabidir.

 

O‘zbek tilining boy imkoniyatlari asosida xalqimiz tafakkuriga mos va jozibador milliy brendlar yaratish, mahsulotlarimizni tashqi bozorga olib chiqish marketing sohasida asosiy yo‘nalishga aylanishi zarur. Bu borada vatanparvar tadbirkorlarimiz alohida jonbozlik ko‘rsatadilar, deb ishonaman.

 

Bundan o‘ttiz yil oldin qabul qilingan O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini qayta ko‘rib chiqish ham kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarimiz qatoriga kiradi. Shuningdek, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida til madaniyati va savodxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan zamonaviy va ta’sirchan media mahsulotlarni ko‘paytirish lozim. Ayniqsa, farzandlarimizni ona tilimizga mehr qo‘yib, uning beqiyos boyligi va imkoniyatlaridan bahramand bo‘lishga o‘rgatish ma’naviy-ma’rifiy tarbiyaning ajralmas bir qismidir. Bu dolzarb masala ijodkor ziyolilarimiz, ta’lim-tarbiya, madaniyat, yoshlar, mahalla, xotin-qizlar tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari faoliyatida doimo markaziy o‘rinda turishi, butun jamiyatimizda umummilliy harakatga aylanishi kerak.

 

Bir so‘z bilan aytganda, barcha sohalarda bo‘lgani kabi ona tilimizni rivojlantirishda ham biz keng jamoatchiligimizning amaliy fikr va takliflariga, faol ishtirokiga tayanamiz.

 

Muhtaram vatandoshlar! Siz, azizlarni bugungi quvonchli bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, baxt-saodat va fayzu baraka tilayman.

 

Milliy o‘zligimiz timsoli bo‘lgan jonajon o‘zbek tilimiz yanada ravnaq topsin!”, deyiladi tabrik matnida.

custom img

O‘zbekistonda havo sovishi ortidan metan zapravkalar ishi yana cheklanadi

10-mart, seshanba kuni soat 16:00 dan boshlab Respublikadagi metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi.

custom img

O‘zbekistonda ikki oy ichida 45 ta jinoiy guruh faoliyati to‘xtatildi

Shuningdek, 3150 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 2934 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan va 980 nafar shaxsga qamoq ehtiyot chorasi tayinlangan.

custom img

Surxondaryoda maktab o‘qituvchisi katta miqdorda narkotik modda sotayotganda qo‘lga olindi

Shuningdek, Sirdaryoda tojikistonlik narkokurerlar chagaradan uloqtirgan 6 sumka narkotik moddani qabul qilib olgan ikki shaxs ushlandi.

custom img

Toshkentda voyaga yetmagan o‘g‘illariga mashina bergan ota 5 sutkaga qamaldi

Hujjatsiz avtomobil boshqargan bolalar sabab qo‘shnilar ularning otasi bilan gaplashmoqchi bo‘lgan, ammo erkak ular bilan janjallashib, haqorat qilgan.

custom img

Toshkentda o‘quvchilar kanaldan ko‘prik yo‘qligi sababli quvurlar orqali o‘tishga majbur bo‘lmoqda

Hokimlik Salar kanali ustida yangi ko‘prik qurilishi yaqin kunlarda boshlanishini ma’lum qildi.

custom img

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nufuzli xalqaro Condé Nast Traveler nashrida e’tirof etildi

Jurnal tomonidan e’lon qilingan yangi reytingda Toshkent shahri va Islom sivilizatsiyasi markazi iyun oyida sayohat qilish uchun tavsiya etilgan yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi.

custom img

Erondan O‘zbekistonga kislotali bulutlar kelishi haqidagi xabarlar rad etildi

Mutaxassislar atmosferadagi jarayonlar sabab kislotali yog‘inlarning uzoq masofalarga xavfli darajada yetib kelishi deyarli mumkin emasligini ta’kidladi.

custom img

Yaqin Sharqdan 21 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi — TIV

Hozirda evakuatsiya asosan havo hududi ochiq bo‘lgan mamlakatlardan amalga oshirilmoqda.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"