O‘zbekistonda hokimliklar kompleks xizmat markazlariga aylantiriladi
Yangi boshqaruv tizimi 2026-yil 1-yanvardan 33 ta tuman va Surxondaryo viloyatida sinov tariqasida joriy etiladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 21-oktabr kuni mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan farmonni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, tuman va shahar hokimliklari aholiga hamda tadbirkorlik subyektlariga kompleks xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy markazlar shaklida qayta tashkil etiladi.
Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yangi tizim 2026-yil 1-yanvardan sinov tarzida joriy etiladi. Dastlabki bosqichda “Yangi O‘zbekiston timsolidagi tuman (shahar)” maqomiga ega 33 ta hudud, shuningdek, Surxondaryo viloyatining barcha tumanlari islohot doirasiga kiradi.
Mazkur tashabbus doirasida hokimlar mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etish, ijro hokimiyati hududiy bo‘linmalarini samarali boshqarish vakolatlariga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, ularning o‘z hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid aniq vazifalari belgilanadi.
Boshqaruv apparatini ixchamlashtirish maqsadida hokim o‘rinbosarlari soni ham qisqartiriladi: viloyat hokimliklarida eng ko‘pi bilan olti nafar, tuman va shahar hokimliklarida esa to‘rt nafar o‘rinbosargacha belgilangan.
Mazkur islohot mahalliy boshqaruvni samaradorligini oshirish, fuqarolarga qulay va tezkor davlat xizmatlarini taqdim etishga qaratilgan.







