O‘zbekiston Belarus bilan ekologik ekspertiza sohasida hamkorlik qiladi
Axborot almashish, malaka oshirish dasturlarini tashkil etish va ekologik ekspertizaga oid raqamli yechimlarni rivojlantirishni nazarda tutuvchi Memorandum imzolandi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi va Belarus Respublikasi Tabiat resurslari va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi huzuridagi “Davlat ekologik ekspertizasi, kadrlar tayyorlash, malaka oshirish va qayta tayyorlash respublika markazi” davlat taʼlim muassasasi o‘rtasida hamkorlik Memorandum imzolandi.

Memorandum ekologik ekspertiza va atrof-muhitga taʼsirni baholash jarayonlarini takomillashtirish, o‘quv dasturlarini rivojlantirish va mutaxassislar malakasini oshirish, zamonaviy raqamli yechimlar hamda innovatsion yondashuvlarni joriy etish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va xalqaro ekologik tashabbuslarda birgalikda ishtirok etishni nazarda tutadi.
“Bizning Markazlar o‘rtasida Memorandum imzolanishi — bu shunchaki rasmiy qadam emas, balki uzoq muddatli va mazmunli hamkorlikning boshlanishidir. Ushbu hujjat tajriba almashish, qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish va ekologik ekspertiza hamda atrof-muhitga taʼsirni baholash sohasidagi salohiyatni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Belaruslik hamkasblarimiz — Davlat ekologik ekspertizasi va kadrlar tayyorlash respublika markazining yutuqlarini yuksak qadrlaymiz. Sizlarning ekspertiza maktabingiz, metodik bazangiz va malaka oshirish tizimingiz mintaqada munosib eʼtirof etilgan va ko‘plab davlatlar uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilmoqda", — dedi Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktori G‘ayrat Muxamedov.

Hamkorlik doirasida ilmiy va metodik axborot almashish, qo‘shma konferensiyalar, seminarlar va uchrashuvlar o‘tkazish, malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, ishchi guruhlar tuzish hamda ekologik ekspertizaga oid raqamli yechimlarni rivojlantirish nazarda tutilgan.
Mazkur Memorandum tomonlarga qo‘shimcha moliyaviy majburiyatlar yuklamaydi hamda besh yil davomida amal qiladi. Uning muddati avtomatik ravishda uzaytiriladi.







