Rossiyada harbiy zavod portlashi oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi
Kopeysk shahridagi portlash sababini aniqlash ishlari davom etmoqda — dron hujumi taxmin qilinmoqda.

Rossiyaning Chelyabinsk viloyatiga qarashli Kopeysk shahrida 23-oktabr kechasi sodir bo‘lgan kuchli portlash oqibatida kamida 9 kishi halok bo‘ldi, 5 nafari turli darajada tan jarohati oldi. Bu haqda viloyat gubernatori Aleksey Texsler o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.
Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, hozirda jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, bedarak yo‘qolganlar to‘g‘risida ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda.
Rasmiylar hozircha portlashga dron hujumi sabab bo‘lgani haqidagi taxminni tasdiqlamagan. Shu bilan birga, voqea joyi haqida aniq ma’lumot berilmagan. Biroq ayrim manbalarning xabar berishicha, portlash Kopeyskdagi “Plastmass” zavodida yuz bergan bo‘lishi mumkin. Mazkur korxona Rossiya mudofaa sanoati uchun o‘q-dori va harbiy texnika detallarini ishlab chiqaradi.
Mahalliy guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, portlashdan avval hudud ustida bir nechta uchuvchisiz apparatlar uchgani kuzatilgan. Telegram’dagi “112” kanalining ma’lumotiga ko‘ra, voqea paytida zavodda 15 nafar ishchi navbatchilikda bo‘lgan.
Ukrain manbalari, xususan OSINT-loyihasi Exilenova+, ushbu zavodning ilgari Bryansk viloyatida portlagan harbiy-kimyo korxonasiga o‘xshashini qayd etdi. Ularning ta’kidlashicha, har ikki obyekt Rossiyaning Ukraina qarshi harbiy amaliyotlarini qo‘llab-quvvatlovchi sanoat tarmog‘iga kiradi.
Hozircha Rossiya Mudofaa vazirligi ham, Ukraina Bosh shtabi ham mazkur portlash yuzasidan rasmiy bayonot bermagan. Mutaxassislar so‘nggi haftalarda Rossiya hududidagi harbiy obyektlarda portlash va yong‘inlarning ko‘payishini Ukraina tomonidan amalga oshirilayotgan dron hamda raketa hujumlari bilan bog‘lamoqda.








