YI Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketini maʼqulladi
Unga Xitoy zavodi va kompaniyalarini ham qo‘shish muhokama qilinmoqda.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi navbatdagi — 19-sanksiyalar paketini maʼqulladi. Ushbu chora-tadbirlar Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklash va sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashishga qaratilgan.
Yangi paketning eng muhim bandlaridan biri — Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) importni bosqichma-bosqich to‘xtatishdir. Rejaga ko‘ra, gaz importiga to‘liq taʼqiq 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Rossiya tomonidan sanksiyalarni chetlab o‘tishda foydalanilayotgan deb topilgan “shadow fleet” — yaʼni soxta egalikdagi kemalar tarmog‘iga qarshi yangi choralarni joriy etadi.
Paketga energetika, moliyaviy xizmatlar, kripto-birjalar va logistika sohasida faoliyat yuritayotgan ayrim xorijiy kompaniyalar ham kiritilgan. Reuters xabariga ko‘ra, sanksiyalar ro‘yxatiga ikki Xitoy neftni qayta ishlash zavodi va bir savdo kompaniyasini qo‘shish ham muhokama qilinmoqda.
Yevropa diplomatik doiralarida bu paket Rossiyaning sanksiyalarni aylanib o‘tish yo‘llarini qisqartirishga, shuningdek, Yevropa bozorining energiya mustaqilligini kuchaytirishga xizmat qilishi taʼkidlanmoqda. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas esa, “19-paket so‘nggisi emas — Yevropa Rossiyaning tajovuzkor siyosatga qarshi qatʼiy chora ko‘rishda davom etadi”, — deya bayonot berdi.
Yangi sanksiyalar yaqin kunlarda Yevropa Kengashining rasmiy jurnalida eʼlon qilinadi va kuchga kirgach, aʼzo davlatlar tomonidan amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqiladi.







