Andijonda haydovchining uxlab qolishi oqibatida ikki avtomobil to‘qnashib ketdi
Haydovchi uxlab qolib, boshqaruvni yo‘qotgan va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.

Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida haydovchining uxlab qolishi oqibatida ikki avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Bu haqda viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 23-oktabr kuni soat 13:15 atrofida tuman hududidagi “Oqtepa” mahallasidan o‘tuvchi D-105 “Farg‘ona halqa yo‘li”ning 132-kilometrida yuz bergan.
1990-yilda tug‘ilgan haydovchi V.M. boshqaruvidagi Nexia-3 avtomashinasi bilan harakatlanayotgan vaqtda uxlab qolib, boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada u yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketib, qarshi tomondan harakatlanayotgan Nexia rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
To‘qnashuv oqibatida Nexia-3 avtomobilining bir yo‘lovchisi tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Oltinko‘l tumani IIB Yo‘l harakati xavfsizligi guruhi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.







