Isroil G‘azo sektorida BMT faoliyatini taqiqladi
Bu mintaqada yangi inqirozlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Isroil hukumati G‘azo sektorida BMTning Falastin qochqinlariga yordam ko‘rsatuvchi agentligi — UNRWA faoliyatini rasman taqiqladi.
Knesset (Isroil parlamenti) tomonidan qabul qilingan hujjatga ko‘ra, UNRWA tashkiloti Isroil hududi va G‘azo bilan chegaradosh mintaqalardagi faoliyatini to‘xtatishi shart. Hukumat bu qarorni “milliy xavfsizlikni taʼminlash” va “terrorchilik faoliyati bilan bog‘liq ayrim holatlarni oldini olish” bilan izohladi.
BMTning maʼlumotlariga ko‘ra, UNRWA 1949 yilda tashkil etilgan bo‘lib, G‘azo sektoridagi ikki millionga yaqin falastinlik aholiga oziq-ovqat, suv, tibbiy yordam va taʼlim xizmatlarini ko‘rsatib kelgan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil qarorini qattiq tanqid qilib, “bu qadam faqat gumanitar inqirozni chuqurlashtiradi” deya bayonot berdi. Uning taʼkidlashicha, agentlikning faoliyati to‘xtashi G‘azodagi millionlab fuqarolarning tirikchilik manbai va zarur xizmatlarsiz qolishiga olib keladi.
Yevropa Ittifoqi va BMT Xavfsizlik Kengashi Isroilni bu qarorni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Germaniya va Fransiya ham bu chorani “g‘ayriinsoniy va huquq normalariga zid” deb baholadi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, agar UNRWA faoliyati uzoq vaqtgacha to‘xtab qolsa, G‘azo sektoridagi ijtimoiy inqiroz yana-da keskinlashishi va mintaqada yangi inqirozlar kelib chiqishi mumkin.







