Surxondaryo va Qoraqalpog‘istonda 3,5 gektardan 50 gektargacha bo‘lgan yerlarni sotishga uringanlar qo‘lga olindi
Bandixonda 3,5 gektar yer uchun 1,5 milliard so‘m talab qilgan, Taxiatoshda esa 50 gektar yerni 50 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida joylarda qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Xususan, Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan shaxs chorvachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib, tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 3,5 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 1 milliard 500 million so‘m talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘idan 110 ming AQSh dollari va 100 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilgan holatda esa, Qo‘ng‘irot tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkor Amudaryo tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan shaxsning ishonchiga kirib, aslida boshqa bir fuqaro uchun quyonchilikni rivojlantirish maqsadida Tahiatosh tumani hududidan ajratib berilgan 169 gektar yer maydonini go‘yo o‘ziga tegishli ekanligini aytadi va uning 50 gektar qismini har gektarini 1 ming AQSh dollaridan, jami 50 ming AQSh dollariga sotishini ma’lum qiladi.
Ammo, tadbirkor so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








