Toshkentda bo‘lajak kuyov kelinning uyini aldab sotib yuborib, qochib ketdi
Yigit boshqa fuqarolarga nisbatan ham bir nechta firibgarlik holatlarini sodir etganligi aniqlandi.

Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2024-yil avgust oyida Sh.R. (1997 yilda tug‘ilgan) bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Sh.A.ning ishonchini suiiste’mol qilgan. U to‘y oldidan muammolari borligini bahona qilib kelinning uyini garovga qo‘ygan va keyinchalik boshqa shaxsga 240 000 AQSh dollariga firibgarlik yo‘li bilan sotgan.
Mazkur holat yuzasidan Sh.R.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va unga ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish belgilangan.
Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi dastlabki tergov davomida Sh.R.ning boshqa shaxslar nisbatan ham bir nechta firibgarlik harakatlarini amalga oshirgani aniqlangan.
“Barcha holatlar yuzasidan tergov harakatlari to‘liq va xolisona o‘tkazildi. Tergov yakuni bo‘yicha hujjatlar ayblov xulosasi bilan Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga taqdim etildi. Hozirda jinoyat ishi doirasida sud jarayonlari davom etmoqda”, – deyiladi rasmiy bayonotda.







