Brijit Makron Fransiya soliq portalida “erkak” sifatida ro‘yxatga olingan
Fransiya birinchi xonimi Brijit Makron soliq portalida “Jan-Mishel” nomi bilan ro‘yxatga olingani aniqlandi.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning rafiqasi, mamlakatning birinchi xonimi Brijit Makron rasmiy soliq portalida “Jan-Mishel” ismi bilan ro‘yxatdan olingani aniqlangani haqida BFMTV telekanali hujjatli filmida ma’lum qilindi.
Telekanal e’lon qilgan lavhada Brijit Makron ma’muriyati rahbari Tristan Boman ushbu holat 2023-yil sentabr oyida soliq deklaratsiyasi tekshiruvi davomida aniqlanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tizimda Brijit Makronning ismi o‘rniga “Jan-Mishel” deb yozilgan bo‘lgan.
Boman ta’kidlashicha, bu oddiy texnik xato emas, balki “tashqi aralashuv natijasida yuzaga kelgan holat” bo‘lgan. Yelisey saroyi ushbu voqeani jiddiy qabul qilgan va Brijit Makron shikoyat bilan chiqish qilgan.
Tekshiruv natijasida ikki nafar shaxs ma’lumotlarni noqonuniy ravishda o‘zgartirganlikda gumonlanib, tergovga jalb etilgan.
Ma’lumot uchun, 2022-yilda Brijit Makron erkak sifatida tug‘ilgani haqidagi da’volar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. Shu sababli 2021-yilda u Amandin Rua va jurnalist Natasha Reyga qarshi tuhmat uchun sudga murojaat qilgan. 2024-yil mart oyida Prezident Makron ushbu mish-mishlarni “mutlaq yolg‘on” deb atab, bunday iddaolarni qat’iyan rad etgan.
2024-yil iyunida Parijda mazkur masala yuzasidan sud jarayoni boshlangan va o‘sha yilning sentabrida sud ayblanuvchilarni 13 500 yevro miqdorida jarimaga tortgan.







