Germaniyaning eng yirik atom elektr stansiyasi portlatib yuborildi
160 metr balandlikdagi minoralar minalanib, xavfsiz tarzda buzib tashlandi.

Germaniyaning Bavariya yerida joylashgan va mamlakatdagi eng qudratli atom elektr stansiyasi hisoblangan Gundremmingen AES sovutish minoralari nazoratli tarzda portlatib buzib tashlandi.
Bu haqda NiUS portali xabar berganiga ko‘ra, 160 metr balandlikdagi ikkita sovutish minorasi xavfsizlik choralariga rioya etilgan holda minalanib, muvaffaqiyatli tarzda yo‘q qilindi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, ushbu jarayon Germaniyaning atom energiyasidan butunlay voz kechib, qayta tiklanuvchi manbalarga o‘tish siyosatidagi muhim bosqich hisoblanadi. Voqea mamlakat energetika tizimida “atom davri” yakunlanib, yangi barqaror energiya davri boshlanganining ramzi sifatida talqin etilmoqda.
Germaniya hukumati ilgari belgilangan “Atomdan chiqish” dasturi doirasida mamlakatdagi barcha atom elektr stansiyalarini to‘liq yopganini eslatib o‘tish lozim.







