Parkentda Cobalt 9 yoshli bolani bosib, sudrab ketdi
IIBB YHXB bolaning ahvoli haqida maʼlumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent viloyatining Parkent tumanida Cobalt 9 yoshli bolani bosib, sudrab ketgani va oqibatda u halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi. Holat yuzasidan viloyat IIBB YHXB rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, voqea 18 oktyabr kuni soat 11:00 larda Toshkent viloyatining Parkent tumani hududidan o‘tgan yo‘lda sodir bo‘lgan. 1986 yilda tug‘ilgan X.D. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina piyodalar o‘tish joyidan yugurib o‘tayotgan 2016 yilda tug‘ilgan Sh.M.ni urib yuborgan. Natijada piyoda tan jarohatlari olib, tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan. Hozirda uning ahvoli yaxshi, davolanishda.
“Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda bola halok bo‘lgani haqida tarqatilayotgan maʼlumotlar mutlaqo asossiz, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Shuningdek, ushbu YTHda ishtirokchi sifatida Damas rusumli avtomashina haydovchisi K.X. ham qayd etilgan.
Holat yuzasidan Parkent tumani IIB masʼul xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.







